Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi huzuridagi “Yoshlar parlamenti” a’zolari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Tadbir avvalida mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar, yoshlar uchun yaratilayotgan imkoniyatlar va taraqqiyot yo‘lida olib borilayotgan keng ko‘lamli ishlarni aks ettiruvchi videorolik namoyish etildi.
Uchrashuvda Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi rahbari Otabek Hasanov, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi huzuridagi “Yoshlar parlamenti” raisi Otabek Sobitov hamda “Ma’rifat” targ‘ibotchilar jamiyati raisi Baxtiyor Xusanov so‘zga chiqib, yoshlarning jamiyat hayotidagi o‘rni, ularning tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash va intellektual salohiyatini ro‘yobga chiqarish masalalariga to‘xtaldilar.
Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi rahbari Otabek Hasanov o‘z nutqida siyosatchilik katta mas’uliyat va fidoyilik talab etadigan murakkab yo‘l ekanini ta’kidlab, yoshlarga o‘z tanlagan yo‘llarida qat’iyat bilan davom etishlari lozimligini ta’kidladi.
— Siyosatchi — bu lider. Bu og‘ir yo‘l. Agar shu yo‘lni tanlagan bo‘lsangiz, uni oxirigacha bosib o‘tishingiz kerak. Uchinchi Renessansni sizlar bunyod etasizlar. Oralaringizda bilimli, intiluvchan qizlarni ko‘rib xursand bo‘ldim. Chunki ilmli, salohiyatli xotin-qizlar ham kelajak bunyodkorlaridir, — dedi Otabek Hasanov.
Uchrashuv davomida yoshlarning bilim olishi, tashabbuslarini amalga oshirishi va ma’naviy-ma’rifiy loyihalarda faol ishtirok etishi uchun yangi imkoniyatlar yaratishga qaratilgan takliflar ham ilgari surildi.
Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi binosida “Yoshlar parlamenti” kutubxonasini tashkil etish, yoshlar loyihalarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida 50 million so‘mlik grant ajratish hamda faol yoshlarni “Ma’rifat” targ‘ibotchilar jamiyati a’zoligiga qabul qilish takliflari bildirildi.
Shuningdek, tadbirda “Yoshlar parlamenti” vakillari tomonidan yoshlar bilan ishlash, ularning manfaatlarini himoya qilish, tashabbus va loyihalarni hayotga tatbiq etish borasida amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan ma’lumot berildi.
Uchrashuv yakunida “Yoshlar parlamenti”ning yetti nafar vakili “Ma’rifat” targ‘ibotchilar jamiyati a’zoligiga qabul qilindi.
Mazkur uchrashuv yoshlarning siyosiy-huquqiy bilimi va ma’naviy salohiyatini yuksaltirish, ularning jamiyat hayotidagi faolligini oshirish hamda istiqbolli tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash yo‘lidagi muhim qadamlardan biri bo‘ldi.
✅Bizni kuzatishda davom eting!
Veb-sayt|Telegram|Instagram|Facebook|YouTub