Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi rahbari Otabek Hasanov “Ma’rifat haftaligi” doirasidagi uchrashuvda jamiyatimizda shukronalik tuyg‘usini mustahkamlash, oilaviy qadriyatlarni asrash, farzand tarbiyasida ota-onaning mas’uliyatini oshirish hamda yoshlarni kitobxonlikka keng jalb etish masalalariga alohida e’tibor qaratdi.
Qashqadaryo viloyatiga tashrifi chog‘ida davlatimiz rahbarining kitobxonlik va ilmga intilayotgan yoshlarga ko‘rsatayotgan e’tibori haqida to‘xtalib, 300 ta kitob o‘qigan yosh oilaga hamda ko‘plab kitoblar nashr ettirgan yigitga uy sovg‘a qilingani yoshlar uchun katta rag‘bat va ibrat namunasi ekanini ta’kidladi. Bunday e’tibor yoshlarni ko‘proq kitob o‘qishga, bilim olishga, izlanishga va jamiyatga foyda keltirishga undashi lozim.
Shukronalik — insonning boriga qanoat qilishi, tinchlikning qadriga yetishi, oilasi va yaqinlarini e’zozlashi, hayotdagi ne’matlarni qadrlashidir. Bugungi osoyishta hayotimiz, farzandlarimizning emin-erkin ta’lim olishi, orzu-maqsadlarimiz sari intilishimiz katta baxt. Shu bois tinchlikni asrash, uni qadrlash va kelgusi avlodlarga yetkazish har birimizning burchimizdir.
Uchrashuvda oilaviy ajrimlarning ko‘payib borayotgani ham jiddiy muammo sifatida qayd etildi. Oilani asrash faqat er-xotinning emas, balki butun oila va jamiyatning mas’uliyatidir. Ayniqsa, oilaviy munosabatlarda qaynonalarning o‘rni, kelin-kuyovga munosabati, o‘zaro hurmat va murosaning ahamiyati katta. Shu sababli qaynonalar uchun ham oilaviy totuvlik, muomala madaniyati, yosh oilalarni qo‘llab-quvvatlash va nizolarning oldini olish mavzularida alohida ma’rifiy suhbatlar tashkil etish muhimligi ta’kidlandi.
Farzand tarbiyasi masalasida esa otalarning mas’uliyatini yanada oshirish zarurligi qayd etildi. Afsuski, ayrim oilalarda farzand tarbiyasi asosan onaning vazifasi sifatida qaraladi. Ota-onalar yig‘ilishlarida otalarning kam ishtirok etishi ham bu borada e’tibor talab qiladigan holatlardan biridir. Vaholanki, farzand tarbiyasi — ota va onaning teng mas’uliyati. Otaning farzand hayotidagi ishtiroki, uning ta’lim-tarbiyasiga qiziqishi, farzandiga namuna bo‘lishi barkamol avlodni voyaga yetkazishda muhim o‘rin tutadi.
“Ma’rifat haftaligi” doirasidagi bunday uchrashuvlarning asosiy maqsadi ham insonlarni o‘ylantiradigan masalalarni ochiq muhokama qilish, oilalar mustahkamligiga xizmat qiladigan tashabbuslarni ilgari surish va jamiyatda sog‘lom ma’naviy muhitni shakllantirishdan iborat.
Zero, shukronalik qalbimizda, mehr-oqibat oilamizda, mas’uliyat esa har bir ishimizda namoyon bo‘lsin. Tinchligimizni qadrlash, oilamizni asrash va farzandlarimiz kelajagi uchun birdek mas’ul bo‘lish barchamizning insoniy burchimizdir.
✅Bizni kuzatishda davom eting!
Veb-sayt|Telegram|Instagram|Facebook|YouTub