“Ma’rifat haftaligi” doirasidagi tadbirlar Buxoro viloyatining Olot tumanida davom etmoqda. “O‘zbekiston — o‘z-o‘zimizniki!” shiori ostida tashkil etilayotgan haftalik doirasida yoshlarning ma’naviy dunyoqarashini kengaytirish, milliy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash, ularning iste’dod va qobiliyatlarini yuzaga chiqarishga qaratilgan qator loyihalar amalga oshirilmoqda.

Jumladan, Olot tumani Madaniyat markazida “Iste’dodlar davrasi” loyihasi doirasida taniqli san’atkorlar va yosh ijodkorlar uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Unda san’at va madaniyat sohasiga qiziquvchi yoshlar bilan ijodiy muloqotlar tashkil etilib, ularning qobiliyatlarini rivojlantirish, ijodiy izlanishlarini qo‘llab-quvvatlash hamda milliy san’atimizga bo‘lgan mehrini yanada oshirish masalalariga e’tibor qaratildi.Uchrashuv davomida mahorat darslari, badiiy chiqishlar va o‘zaro fikr almashuvlar tashkil etildi.

Taniqli san’atkorlar o‘zlarining hayotiy va ijodiy tajribalari bilan o‘rtoqlashib, san’at yo‘lida izlanish, mehnat va izchillikning ahamiyati haqida so‘z yuritdilar. Ayniqsa, yosh iste’dodlarni kashf etish, ularni qo‘llab-quvvatlash va ustoz-shogird an’analarini davom ettirishga qaratilgan bunday uchrashuvlar hududlarda madaniy-ma’rifiy muhitni rivojlantirish, yosh avlodning ijodiy salohiyatini ro‘yobga chiqarishda muhim ahamiyat kasb etadi.