Tadbir doirasida O‘zbekiston va Turkiya tomonlari o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi. Mazkur kelishuv ikki mamlakat o‘rtasidagi madaniy-ma’rifiy aloqalarni rivojlantirish, ilmiy va ijodiy hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan.

Uchrashuvda ikki xalqni mushtarak tarix, ma’naviy qadriyatlar va madaniy yaqinlik asosida yanada birlashtirish masalalari muhokama qilindi. Dastlab Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar va mamlakat taraqqiyotiga bag‘ishlangan videorolik namoyish etildi. Universitet rektori, professor Fadime Üney Yüksektepe O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi hamkorlik izchil rivojlanib borayotganini ta’kidladi.
Tadbirda “Ma’rifat” targ‘ibotchilar jamiyati raisi Baxtiyor Xusanov “Yangi O‘zbekiston: islohotlar, yangilanish va zamonaviy taraqqiyot”, O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti professori Abduxalil Mavrulov “Madaniyatda milliy ruh masalasiga oid ayrim fikrlar”, tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori Bekzod Abdirimov “O‘zbekiston – Turkiya: tarixiy xotira, madaniy mushtaraklik va strategik hamkorlik” mavzularida ma’ruzalar qildi.
“Men tanigan O‘zbekiston” kitobi muallifi Dr. Kemal Yavuz Ataman asarning yaratilish tarixi, unda O‘zbekistonning bugungi taraqqiyoti, boy tarixi va madaniyatiga oid qarashlar aks etgani haqida ma’lumot berdi.
Shuningdek, falsafa fanlari doktori Ilhom Suvonov ma’rifat va ta’limning xalqlarni yaqinlashtirishdagi o‘rni, shoira Sayyora To‘ychiyeva esa adabiyot va san’atning madaniy muloqotdagi ahamiyati haqida so‘z yuritdi. Taqdimot doirasida o‘zbek milliy maqom san’ati vakili Adolat Ismoilova va estrada xonandasi Aziz Rajabiy ijrosida musiqiy chiqishlar namoyish etildi.