Mansur Yunus, bolalar shoiri
“Ma'rifat” targ'ibotchilar jamiyati a'zosi
Har bir bola mehrga, e’tiborga, xavfsiz hayotga va baxtli bolalikka haqli. Uning kulgusi xonadonlarga quvonch, qalblarga umid olib kiradi. Ammo, afsuski, dunyoda hamon ayrim bolalar jismoniy tazyiq, ruhiy tahqir, beparvolik, kamsitish, ekspluatatsiya va turli ko‘rinishdagi zo‘ravonliklarga duch kelmoqda. Eng achinarlisi, ba’zan bolaning qalbida bitmas iz qoldiradigan jarohatlar uning o‘zini himoya qilishi kerak bo‘lgan insonlar tomonidan yetkaziladi. Bunday holatga befarq qarash - nafaqat bir bolaning dardiga, balki jamiyatning kelajagiga befarq qarashdir.
Bolaga ko‘tarilgan qo‘l - uning ishonchiga, sha’niga va kelajagiga ko‘tarilgan qo‘ldir. Zo‘ravonlikning qaysi shaklda namoyon bo‘lishidan qat’i nazar, u bolaning jismoniy va ruhiy rivojiga, o‘ziga bo‘lgan ishonchiga hamda atrofdagilarga munosabatiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Ba’zan birgina haqoratli so‘z, kamsituvchi munosabat yoki e’tiborsizlik ham bolaning qalbida chuqur iz qoldiradi. Shu bois zo‘ravonlikka qarshi kurash faqat jismoniy tajovuzning oldini olish bilan cheklanmasligi, balki bolaning sha’ni, qadr-qimmati va ruhiy daxlsizligini ham himoya qilishi lozim.
✅Bizni kuzatishda davom eting!
Veb-sayt|Telegram|Instagram|Facebook|YouTub