ONA  TILIM
 
Ilk ko‘z ochganimda onam so‘z ochib
Shu tilda bag‘riga olgan bolam, deb.
Ilk qadamlarimga yong‘oqlar sochib,
Shu til meni yo‘lga solgan bolam, deb.
 
Mehrning o‘zbekcha rangin ko‘rsatib,
Onam yuragimga allalar quygan.
Momom chakkasiga rayhonlar taqib,
Meni tong suysa ham, o‘zbekcha suygan.
 
Ehtimol, "aya"dir, ilk bor deganim,
Balki "dada" so‘zin aytganman, xolos.
Biroq, men yagona - shudir bilganim:
Men ilk bor o‘zbekcha so‘ylaganim rost.
 
O‘zbekcha jilmayar menga quyosh ham,
Yulduzga o‘zbekcha so‘ylayapman men.
Jon bolam, degan so‘z - buncha xush kalom!
Baxt haqda o‘zbekcha o‘ylayapman men.
 
Jon tilim, onamdan qolgan merosim,
Momolardan kelgan dostonlarimsan.
Navoiy desam gar, mangu bayozim,
Gar Ulug‘bek, desam, osmonlarimsan!
 
Minglab asrlarning qa’ridan kelgay,
Har aytarim, har bir so‘zim tomiri.
Hey, desam, ovozim ko‘kka yoyilgay,
Har so‘zim - O‘zligim, O‘zim tomiri!
 
Bugun mening so‘zim kesolmas hech kim,
O‘zligim, g‘ururim, nomusimdir u.
O‘zbekcha mehrim bor, o‘zbekcha fe’lim,
U – Hamsam, Tuzugim, Qomusimdir u!
 
...Ketsam, el topmasman, odam topsam ham,
Shu el mehrin, qo‘msab qaytaveraman.
O‘zbek tug‘ilarkan to bu zaminda,
Men o‘zbekcha alla aytaveraman!