“Ma’rifat” targ‘ibotchilar jamiyati a’zolari faoliyati raqamlashtiriladi
“Ma’rifat” targ‘ibotchilar jamiyati tomonidan jamiyat a’zolari faoliyatini zamonaviy raqamli texnologiyalar asosida tizimlashtirish va ma’rifiy-targ‘ibot ishlarining samaradorligini oshirishga qaratilgan yangi axborot tizimi joriy etilmoqda.
Mazkur tizim orqali ma’rifatparvarlarning yagona respublika reyestrini shakllantirish, ular haqidagi ma’lumotlarni yagona elektron bazada jamlash, shuningdek, har bir targ‘ibotchining faoliyati, erishgan yutuqlari, amalga oshirayotgan loyihalari, ishtirok etayotgan tadbirlari va vazifalarini tizimli ravishda raqamlashtirish imkoniyati yaratiladi.
Shuningdek, axborot tizimida hududlar va yo‘nalishlar kesimida amalga oshirilayotgan ma’rifiy tadbirlarni monitoring qilish, ularning qamrovi va samaradorligini tahlil etish, targ‘ibot ishlarining natijadorligini baholash mexanizmlarini yo‘lga qo‘yish nazarda tutilgan.
Tizimning muhim jihatlaridan biri o‘tkazilayotgan ma’rifiy tadbirlarning aholiga ta’sirini o‘rganish, fuqarolarning bilim va ko‘nikmalarni o‘zlashtirish darajasini tahlil qilish hamda olingan natijalar asosida kelgusidagi ma’rifiy-targ‘ibot ishlarini takomillashtirish imkonini berishidir.
Yangi axborot tizimi ma’rifatparvarlar faoliyatini yagona raqamli platformada birlashtirish, mavjud resurs va imkoniyatlardan samarali foydalanish, faoliyat natijalarini tahlil qilish hamda ma’rifiy ishlarni yanada manzilli va samarali tashkil etishga xizmat qiladi.
✅Bizni kuzatishda davom eting!
Telegram|Instagram|Facebook|veb-sayt|YouTub