Bugun Turkiya Yozuvchilar uyushmasida ikki mamlakat о‘rtasidagi adabiy-ma’rifiy hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishga qaratilgan muhim kelishuv imzolandi.
"Bir ildiz, bir ma’rifat: О‘zbekiston — Turkiya dо‘stlik kо‘prigi" xalqaro forumi doirasida Turkiya Yozuvchilar uyushmasi raisi Muhammet Enes Kala hamda "Ma’rifat" targ‘ibotchilar jamiyati raisi Baxtiyor Xusanov "Mehr qanotida" "Sevgi kanatlarında" ijtimoiy loyihasini hamkorlikda amalga oshirish bо‘yicha memorandum imzoladi.
Hamkorlik doirasida Turkiya Yozuvchilar uyushmasi raisi, Prof. Dr. Muhammet Enes Kala “Ma’rifat” targ‘ibotchilar jamiyatining faxriy a’zoligiga qabul qilindi.
Muloqot doirasida о‘zbek va turk bolalar adabiyoti ilk bor yagona ikki tilli adabiy-tarbiyaviy tо‘plamda jamlanishi kо‘zda tutilmoqda. Unda yosh avlodni mehr-oqibat, dо‘stlik, insonparvarlik, ezgulik, bag‘rikenglik va tinchlik ruhida tarbiyalashga xizmat qiluvchi adabiy namunalar о‘rin oladi.
Mazkur tashabbus nafaqat bolalar adabiyotini targ‘ib etish, balki ikki qardosh xalqning mushtarak qadriyatlari va madaniy merosini yosh avlodga yetkazishga qaratilgani bilan ahamiyatli.
"Mehr qanotida" — ikki qardosh xalq adabiyotini bir kitob, ikki til va mushtarak qadriyatlar atrofida birlashtirishga qaratilgan yangi ijtimoiy-ma’rifiy tashabbusdir.
✅Bizni kuzatishda davom eting!
Telegram|Instagram|Facebook|YouTub