Buxoro davlat pedagogika institutida “Ma’rifat haftaligi” doirasida “Uyg‘oq idrok” loyihasi asosida talaba-yoshlar hamda professor-o‘qituvchilar ishtirokida ma’rifiy uchrashuv tashkil etildi.
Unda milliy va umuminsoniy qadriyatlarni asrab-avaylash, jamiyatda bag‘rikenglik muhitini mustahkamlash, yoshlarning axborot madaniyatini yuksaltirish, internet va ijtimoiy tarmoqlardan oqilona foydalanish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Shuningdek, bugungi globallashuv davrida yoshlar ongiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan zararli g‘oyalar, yot mafkuralar va turli axborot xurujlaridan himoyalanish masalalari atroflicha yoritildi.
Muloqot davomida ma’ruzachilar yosh avlodning ma’naviy olamini boyitish, mustaqil fikrlash qobiliyatini rivojlantirish, har qanday axborotni tahlil va saralash ko‘nikmasini shakllantirish muhimligini ta’kidladilar. Talabalar o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qilib, mavzular yuzasidan fikr va mulohazalarini bildirdilar.
Zero, bugungi yoshlar nafaqat bilimli, balki mustahkam e’tiqodli, teran tafakkurli, yot g‘oyalarga qarshi ma’naviy immunitetga ega bo‘lishi zarur. Uyg‘oq idrok ma’rifatli avlod, sog‘lom jamiyat va mustahkam kelajak sari tashlangan muhim qadamdir.