"MA’RIFAT KARVONI" Buxoro viloyati tumanlari kesimida davom etmoqda

🇺🇿 Buxoro viloyati G‘ijduvon tumanidagi “Kelajak” markazida “Birlashib buyuk tarix yaratamiz” mavzusida ma’naviy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi.

Tadbirni tuman Ma’naviyat va ma’rifat bo‘linmasi rahbari A. Qaxorov ochib berdi. U o‘z so‘zida yosh avlodning ma’naviy kamoloti, puxta bilim olishi, zamonaviy dunyoqarashga ega bo‘lishi hamda jamiyat hayotida faol ishtirok etishini ta’minlash bugungi kunning muhim vazifalaridan biri ekanini ta’kidladi. Tadbir davomida ishtirokchilarga mazmunli ma’ruzalar taqdim etildi.

Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazining Buxoro viloyati bo‘limi bosh mutaxassisi Ma’mura Safoyeva “Milliy yuksalishning o‘n yilligi, yetti milliy dastur — yaxlit tizim sifatida” mavzusida ma’ruza qilib, mamlakatimizda ma’naviy taraqqiyotni ta’minlash, milliy qadriyatlarni asrab-avaylash hamda yoshlar tarbiyasini takomillashtirish borasidagi ustuvor vazifalar haqida so‘z yuritdi.

Buxoro davlat texnika universiteti dotsenti, tarix fanlari nomzodi Nigora Nurmatova tarixiy taraqqiyot, adabiyot va ma’rifatning inson kamolotidagi o‘rni haqida fikr bildirib, yoshlarni kitobxonlikka, ilm-fan va ijodga, ezgu maqsadlar sari intilishga chorladi.

Buxoro davlat tibbiyot instituti qoshidagi Abu Ali ibn Sino nomidagi akademik litsey direktori, tibbiyot fanlari doktori Ra’no Ismatova “Inson qadri — 35 yillik islohotlarning o‘lchovi: erkinlik, bilim, salohiyat va yoshlar” mavzusida ma’ruza qildi. Unda inson qadrini yuksaltirish, bilim va ma’rifatning hayotdagi ahamiyati, yoshlar uchun yaratilayotgan imkoniyatlar hamda ularning salohiyatini ro‘yobga chiqarish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Tadbir yakunida mahalla nuroniysi Gulsara Saidova va faollar so‘zga chiqib vatanparvarlik, ma’rifat, kitobxonlik, ilm-fan va yuksak ma’naviyat yosh avlod kamolotining muhim poydevori ekani yana bir bor ta’kidlandi.

✅Bizni kuzatishda davom eting!

Telegram|Instagram|Facebook|veb-sayt|YouTub