RAQAMLAR NIMANI ANGLATADI?
“Raqamlar dunyoni boshqarmaydi, ular dunyoning qanday boshqarilayotganini ko‘rsatadi”, — degan edi nemis mutafakkiri Iogann Volfgang Gyote. Bu fikr til masalasiga ham to‘liq daxldor. “Davlat tili haqida”gi Qonun 1989 yil 21 oktyabrda qabul qilingan edi. Shundan beri o‘nlab yillar o‘tdi. Bu davr shunchaki taqvimdagi sanalar emas, balki sarhisob qilish, bosib o‘tilgan yo‘lga xolis baho berish imkoniyatidir.
Sarhisob qilsak, manzara ikki yoqlama ekani ko‘rinadi. Bir tomondan, o‘zbek tili davlat tili maqomiga ega bo‘ldi, nufuzli xalqaro minbarlardan yangradi, xorijdagi o‘nlab universitet va yuzlab maktablarda o‘rganilmoqda. Ikkinchi tomondan esa, ko‘cha-ko‘ydagi peshlavhalarda uchraydigan savodsiz yozuvlar, rasmiy hujjatlarning davlat tilida yuritilishi hamon paysalga solinayotgani, ijtimoiy tarmoqlardagi chala-yarim yozishmalar hamda teleefirlarda adabiy til me’yorlarining buzilishi tilga bo‘lgan munosabatimiz hali yetarli darajada shakllanmaganidan dalolat beradi.
Shu sababli savol bunday qo‘yilishi lozim: nega til masalasi faqat oktyabr oyida kun tartibiga chiqib, keyin yana “kelgusi bayramgacha” unutiladi? Sababi, tilga hanuz “navbatdagi tadbir mavzusi” sifatida qaralmoqda. Holbuki, til mavsumiy kampaniya emas. U har kuni, har daqiqa va har qadamda zarur bo‘ladigan hayotiy ehtiyojdir.
✅Bizni kuzatishda davom eting!
Telegram|Instagram|Facebook/YouTub