KELAJAK OLDIDAGI MAS’ULIYAT
Farzandining xavfsizligi, sog‘lom ulg‘ayishi va baxtli yashashi har bir ota-onaning eng katta istagidir. Shu ma’noda, 2026-yil 14-oktabrda imzolangan, bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish tizimini takomillashtirishga qaratilgan qonunni muhim va zarur qadam sifatida qo‘llab-quvvatlayman. Uning zamirida bolaning hayoti, sha’ni va qadr-qimmatini asrash, xavfsiz bolalik uchun huquqiy kafolatlarni kuchaytirish maqsadi mujassam.
Qonunning ahamiyatli jihatlaridan biri — bolalarga qarshi zo‘ravonlik uchun javobgarlikning kuchaytirilganidir. Jumladan, o‘n to‘rt yoshga to‘lmagan bolalarga nisbatan Jinoyat kodeksining 118 va 119-moddalari to‘rtinchi qismlarida nazarda tutilgan jinsiy jinoyatlar uchun o‘n besh yildan yigirma besh yilgacha yoki umrbod ozodlikdan mahrum qilish jazosi belgilandi. Bu bolaning daxlsizligiga tajovuz qilishning naqadar og‘ir jinoyat ekanini huquqiy jihatdan qat’iy ifodalaydi.
Yana bir muhim yangilik — zo‘ravonlikdan jabrlangan yoki unga guvoh bo‘lgan bolalarga davlat hisobidan yuridik yordam ko‘rsatish kafolatlarining mustahkamlanganidir. Tergov va sud jarayonlarida bola manfaatlarini himoya qilishga doir qo‘shimcha choralar ham belgilandi. Bunday yordam bolaning o‘z huquqlarini himoya qilish imkoniyatini kengaytiradi, uning og‘ir vaziyatda huquqiy ko‘maksiz qolishining oldini olishga xizmat qiladi.
Mazkur o‘zgarishlarning ijtimoiy ahamiyati oilada, ta’lim muassasasida va mahallada bolaga munosabatni qayta ko‘rib chiqishga undashida ham namoyon bo‘ladi. Bolani qo‘rqitish, kamsitish yoki unga kuch ishlatishni “tarbiya” deb oqlash mumkin emas. Tarbiya bolaning shaxsiyatini hurmat qilish, unga tushuntirish, tinglash va shaxsiy namuna ko‘rsatish orqali amalga oshirilishi kerak. Mehr va talabchanlik uyg‘un bo‘lgan muhitda bola o‘zini himoyalangan his qiladi.
Biz, targ‘ibotchilar, ushbu qonunning mazmunini aholiga sodda, hayotiy misollar orqali yetkazishga mas’ulmiz. Uchrashuv va suhbatlarda ota-onalarga farzand bilan ishonchli muloqot qilishni, bolalarga esa o‘z huquqlarini bilish va xavf tug‘ilganda yordam so‘rashni tushuntirishimiz zarur. Zo‘ravonlik alomatlariga befarq bo‘lmaslik, jabrlanuvchini ayblamaslik va uning shaxsiy hayoti daxlsizligini hurmat qilish targ‘ibotimizning asosiy mezonlaridan bo‘lishi lozim.
Menimcha, qonunning hayotdagi samarasi har birimizning kundalik munosabatimizda ko‘rinishi kerak. Bolaning dardini eshitish, murojaatini jiddiy qabul qilish va o‘z vaqtida yordamga kelish — umumiy mas’uliyatimizdir. Har bir bola qo‘rquvdan xoli, mehr va hurmat hukm suradigan muhitda ulg‘ayishga haqli.
Jaloliddin Yusubov,
falsafa fanlari doktori (DSc), professor, “Ma’rifat” targ’ibotchilar jamiyati a’zosi
✅Bizni kuzatishda davom eting!
Veb-sayt|Telegram|Instagram|Facebook|YouTub