O‘zbekiston Respublikasining “Bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonuni mamlakatimizda bolalar huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishni yanada kuchaytirish yo‘lidagi muhim qadamlardan biridir.
Zero, bola — millati, dini, tili, irqi, kelib chiqishi va ijtimoiy mavqeyidan qat’i nazar, e’zozga, mehr-muhabbatga, g‘amxo‘rlikka va himoyaga munosib bo‘lgan bebaho insondir. Yer yuzidagi barcha bolalarga o‘z farzandimizdek munosabatda bo‘lishimiz, ularning qalbini asrashimiz, huquq va erkinliklarini himoya qilishimiz, or-nomusi va qadr-qimmatini e’zozlashimiz barchamizning insoniylik burchimizdir.
Har bir bolaning sog‘lom, xavfsiz va baxtli muhitda ulg‘ayishi, ta’lim olishi, o‘z qobiliyatlarini erkin namoyon etishi hamda kelajakka ishonch bilan qadam qo‘yishi jamiyat taraqqiyotining muhim shartidir. Shu bois bolalarga nisbatan jismoniy, ruhiy, jinsiy va boshqa har qanday zo‘ravonlik ko‘rinishlariga mutlaqo murosasiz munosabatda bo‘lishimiz zarur. Zero, zo‘ravonlikdan xoli bolalik — farovon kelajak poydevoridir.
Mazkur qonun mamlakatimiz hududida istiqomat qilayotgan barcha bolalar, ularning millati, dini, tili va kelib chiqishidan qat’i nazar, davlatning mustahkam himoyasida ekanini ifodalovchi muhim huquqiy kafolatdir. Bu esa har bir bolaning huquqlari qonun bilan himoyalanishi, uning xavfsizligi va sha’ni e’tiborda bo‘lishi, zo‘ravonlikka duch kelgan bolalarga zarur yordam ko‘rsatilishi uchun yanada mustahkam asos yaratadi.
Ayniqsa, bolalarni zo‘ravonlikdan himoya qilishda nafaqat davlat organlari, balki ota-onalar, ta’lim muassasalari, mahalla va keng jamoatchilikning ham mas’uliyati katta. Har birimiz bolalarning dardiga befarq bo‘lmasligimiz, ularning murojaatlarini tinglashimiz, huquqlari buzilishiga yo‘l qo‘ymasligimiz va himoyaga muhtoj bolalarni qo‘llab-quvvatlashimiz lozim.
Ishonamanki, mazkur qonunning hayotga izchil tatbiq etilishi bolalar manfaatlarini ta’minlash, ularni turli zo‘ravonliklardan himoya qilish, oilalarda va jamiyatda mehr-oqibat muhitini mustahkamlashga xizmat qiladi.
Chunki har bir bola — bizning farzandimiz, yurtimizning ertangi kuni va insoniyatning umididir. Bolalarni asrash, ularning huquqlari, or-nomusi va qadr-qimmatini himoya qilish orqali biz nafaqat ularning bugunini, balki butun jamiyatning kelajagini himoya qilgan bo‘lamiz.
Bolalar kulgusi yangragan, ularning huquqlari ta’minlangan, mehr va adolat ustuvor bo‘lgan jamiyatgina chinakam taraqqiy etgan jamiyatdir. Shu ma’noda, ushbu qonun inson qadrini ulug‘lash, bolalikni himoya qilish va har bir farzand uchun xavfsiz kelajakni ta’minlashga qaratilgan muhim huquqiy qadamdir.
Baxtiyor Xusanov
“Ma’rifat” targ‘ibotchilar jamiyati raisi,
Pedagogika fanlari bо‘yicha falsafa doktori
✅Bizni kuzatishda davom eting!
Veb-sayt|Telegram|Instagram|Facebook|YouTube